Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazi professor-o‘qituvchilari tomonidan xalqaro tajribalarni mahalliy ta’lim tizimiga uyg‘unlashtirish borasida izchil va samarali ishlar olib borilmoqda. Zamonaviy yondashuvlar asosida tashkil etilayotgan bunday tashabbuslar o‘qituvchilarning kasbiy mahoratini yangi bosqichga olib chiqmoqda.

Xususan, Tillarni o‘qitish metodikasi kafedrasi hamda xorijiy maslahatchi, hindistonlik mutaxassis Waseem Ahmad hamkorligida “Teaching beyond textbook” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi. Unda tinglovchilarga darslik bilan cheklanib qolmasdan, CLIL yondashuvi, innovatsion texnologiyalar va loyihaga asoslangan ta’lim orqali darslarni samarali tashkil etish usullari amaliy tarzda namoyish etildi.

Shu bilan birga, viloyatning Baxmal, Forish, Arnasoy va Zomin tumanlaridagi olis hududlarda joylashgan maktablarga metodik yordam ko‘rsatish ishlari ham yo‘lga qo‘yilgan. Bunday amaliy tashriflar ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim qadamlardan biri bo‘lib, kelgusida yanada kengaytirilishi rejalashtirilgan.