Darsning samarasi faqat o‘qituvchining bilimi bilan emas, o‘quvchini qanchalik tushuna olishi bilan ham belgilanadi.

Jizzax viloyatida xorijiy tillar yo‘nalishi bo‘yicha Kasbiy rivojlanish kuni (KRK) mashg‘ulotlari boshlandi. Zarbdor va Zomin tumanlaridagi tayanch maktablarda o‘tkazilgan dastlabki mashg‘ulotlar Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi mutaxassislari tomonidan bevosita kuzatildi.

Bu gal e’tibor “Ijtimoiy-hissiy ta’lim” (SEL) mavzusiga qaratildi. Mentorlar va yetakchi o‘qituvchilar o‘quvchining ruhiy holatini anglash, sinfda sog‘lom muhit yaratish, o‘zaro ishonch va hamkorlikni mustahkamlash masalalarini hayotiy misollar asosida muhokama qildilar.

Muhokamalarda bir jihat yaqqol ko‘zga tashlandi: zamonaviy ta’limda o‘quvchiga til o‘rgatishning o‘zi yetarli emas, unda erkin fikrlash, o‘zini namoyon etish va muloqotga kirishish uchun ishonch uyg‘otish ham zarur.

Mashg‘ulotlar davomida tajriba almashildi, amaliy yondashuvlar muhokama qilindi, pedagoglarni o‘ylantirayotgan savollarga birgalikda yechim izlandi.

KRKning asl ahamiyati ham shunda — o‘qituvchi o‘qituvchidan o‘rganadi, orttirilgan tajriba esa ertaga sinfda o‘z samarasini beradi.