Vatanimiz mustaqilligining 35 yilligi hamda qutlug‘ sana — 1-oktabr, O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida Jizzax viloyatida ustoz va murabbiylarga hurmat-ehtiromni yanada yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli tashabbuslar amalga oshirilmoqda.
Jizzax viloyati hokimligi, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi, Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazi hamda Jizzax viloyati “Kelajak” markazi hamkorligida tashkil etilgan brifingda bayram munosabati bilan rejalashtirilgan tadbirlar, ularning mazmun-mohiyati va ustuvor yo‘nalishlari haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Brifingda o‘qituvchi va murabbiylarning jamiyatimiz hayotidagi yuksak o‘rni, yosh avlodni bilimli, vatanparvar va ma’naviy yetuk inson etib tarbiyalashdagi beqiyos xizmatlari alohida e’tirof etildi.
Shuningdek, ularning nufuzini yanada oshirish, fidokorona mehnatini munosib qadrlash hamda kasbiy faoliyatini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashabbuslarga alohida urg‘u berildi.
Bayram arafasida viloyat bo‘ylab ustozlarga minnatdorlik, hurmat va e’tibor ruhini keng targ‘ib etuvchi ma’naviy-ma’rifiy, madaniy va targ‘ibot tadbirlarini yuqori saviyada tashkil etish ko‘zda tutilgan.
Ustozga berilgan ehtirom — kelajak avlodga berilgan e’tibor, ta’limga kiritilgan eng muhim sarmoyadir.