Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedrasi tashabbusi bilan may oyi malaka oshirish kurslarining “Tarix” va “Tarbiya” yo‘nalishi tinglovchilari uchun Jizzax shahridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga ma’naviy-ma’rifiy ekskursiya tashkil etildi.
Mazkur tashrif davomida tinglovchilar nafaqat muzey eksponatlari bilan tanishdilar, balki millat ozodligi, xalq erki va istiqlol yo‘lida jon fido qilgan ajdodlarimizning og‘ir, ammo sharafli hayot yo‘li haqida chuqur tasavvur hosil qildilar. Muzey direktori Baxtigul Ergashova tomonidan qatag‘on davrining achchiq haqiqatlari, jizzaxlik fidoyi ziyolilar taqdiri hamda tarixiy hujjatlar asosidagi noyob ma’lumotlar katta ta’sir va hayajon bilan yetkazildi.
Jonli tarix nafasi ufurib turgan muzey muhitidagi ushbu uchrashuv pedagoglar qalbida chuqur taassurot qoldirdi. Chunki bu — oddiy ekskursiya emas, balki unutilmas xotira darsi, milliy o‘zlikni anglash va tarixiy adolatni his etishga chorlovchi ma’naviy uyg‘onish maydoniga aylandi.
Bugun tarixni bilgan avlod — ertangi kunni yanada mustahkam quradi.