Ta’lim sifati faqat raqamlar yoki natijalar bilan o‘lchanmaydi. Uning ortida har kuni qilinayotgan izlanish, fidoyilik, e’tibor va eng muhimi — har bir bolaning kelajagiga bo‘lgan mas’uliyat turadi.
Shu maqsadda Forish tumanidagi 24-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ta’lim sifati va o‘quv-tarbiya jarayoni samaradorligini oshirishga qaratilgan o‘rganish ishlari olib borildi.
Jarayonda Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazining mas’ul xodimlari tomonidan darslarning tashkil etilishi, o‘quvchilarning bilim o‘zlashtirishi va davomati, pedagoglarning metodik faoliyati hamda ta’lim olish uchun yaratilgan sharoitlar atroflicha tahlil qilindi.
O‘rganishning asosiy maqsadi kamchiliklarni qayd etish bilangina cheklanib qolmadi. Mavjud muammolarning yechimini birgalikda izlash, pedagoglarga amaliy ko‘mak berish va o‘quvchilar uchun yanada samarali ta’lim muhitini yaratishga alohida e’tibor qaratildi.
Xususan, o‘quvchilardagi bilim bo‘shliqlarini bartaraf etish, har bir bola bilan manzilli ishlash, fanlarga qiziqishni oshirish hamda dars samaradorligini kuchaytirish bo‘yicha amaliy tavsiyalar berildi.
Chunki sifatli ta’lim — bir kunlik vazifa yoki bir tashkilotning ishi emas. U maktab, o‘qituvchi, ota-ona va mutaxassislarning bir maqsad yo‘lida hamjihat harakati bilan shakllanadi.
Har bir o‘quvchining natijasi — umumiy sa’y-harakatimizning natijasidir.