San’atni faqat kitobdan o‘rganib bo‘lmaydi. Uni ko‘rish, his etish, ranglar va shakllar uyg‘unligini amalda kashf etish kerak.

Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazida oktabr oyida malaka oshirayotgan tasviriy san’at va chizmachilik fani o‘qituvchilari uchun navbatdagi mashg‘ulot odatiy auditoriyadan tashqarida — Jizzax davlat pedagogika universitetida tashkil etildi. Pardaboy Xudoyberdiyev boshchiligida o‘tkazilgan amaliy mashg‘ulotlarda pedagoglar milliy amaliy san’atimizning betakror namunalari, badiiy bezaklar, ranglar uyg‘unligi va kompozitsiya sirlarini yaqindan o‘rgandilar.

Bu jarayon shunchaki bilimlarni mustahkamlash emas, balki ijodiy izlanish, yangicha qarash va kasbiy tajribani boyitish maydoni bo‘ldi.

Ayniqsa, milliy san’atimizga xos nafislik va badiiy yechimlarni zamonaviy ta’lim metodlari bilan uyg‘unlashtirish, o‘quvchilarning ijodiy tafakkuri hamda estetik didini rivojlantirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.