Abdulla Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy institutida PISA 2025 xalqaro tadqiqoti natijalariga bag‘ishlangan xalqaro forum bo‘lib o‘tdi.

Forumda O‘zbekistonning xalqaro baholash dasturidagi ishtiroki, o‘quvchilar natijalari, ta’lim sifatiga ta’sir etuvchi omillar hamda kelgusidagi ustuvor vazifalar muhokama qilindi.

O‘zbekiston PISA tadqiqotida ikkinchi marotaba ishtirok etdi. Tadqiqot jarayonlariga mamlakatimizdagi 233 ta maktabdan 8 652 nafar 15 yoshli o‘quvchi jalb qilindi.

Tabiiy fanlar savodxonligi bo‘yicha O‘zbekiston 438 ball bilan 91 ta davlat va ta’lim tizimi orasida 48-o‘rinni egalladi.
2022-yilda bu ko‘rsatkich 355 ball va 80-o‘rinni tashkil etgan edi. Demak, natija 83 ballga yaxshilanib, mamlakatimizning xalqaro reytingdagi o‘rni sezilarli darajada ko‘tarildi.

“Raqamli dunyoda o‘rganish” yo‘nalishida esa O‘zbekiston o‘quvchilari 402,4 ball qayd etib, 72-o‘rinni egalladi.

PISA 2025 tadqiqotining asosiy yo‘nalishi tabiiy fanlar savodxonligi bo‘ldi. Matematika va o‘qish savodxonligi bo‘yicha natijalarni chuqur tahlil qilish ishlari davom etmoqda.

Mazkur natijalar ta’lim sifatini xalqaro mezonlar asosida baholash, mavjud yutuqlarni mustahkamlash hamda o‘quvchilarning bilim va ko‘nikmalarini yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi vazifalarni belgilab bermoqda.