Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazida A.Avloniy nomidagi pedagogik mahorat milliy instituti hamkorligida iqtisod fani tinglovchilari uchun “Moliyaviy savodxonlik — davr talabi” mavzusida seminar-trening tashkil etildi. Mazkur seminar bugungi globallashuv va iqtisodiy o‘zgarishlar davrida pedagoglarning moliyaviy tafakkurini rivojlantirish, amaliy bilim va ko‘nikmalarini mustahkamlashga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.
Seminar-treningni A.Avloniy nomidagi PMMI geografiya va IBA fani metodisti Ahmedova Nargis Matrasulovna olib borib, moliyaviy savodxonlikning kundalik hayot va ta’lim jarayonidagi o‘rni, iqtisodiy fikrlash madaniyatini shakllantirish, zamonaviy yondashuvlar hamda innovatsion metodlarning samaradorligi haqida mazmunli tavsiyalar berdi.
Mashg‘ulotlar davomida tinglovchilar interaktiv muhokamalar, amaliy misollar va tajriba almashuvlari orqali moliyaviy boshqaruv, to‘g‘ri rejalashtirish hamda iqtisodiy qaror qabul qilish bo‘yicha foydali bilimlarga ega bo‘ldilar.
Mazkur seminar-trening iqtisod fani o‘qituvchilari uchun nafaqat bilim almashinuvi, balki yangi g‘oyalar, zamonaviy qarashlar va kasbiy motivatsiya maydoniga aylandi.
Zero, moliyaviy savodxonlik — bu nafaqat bilim, balki kelajak sari ishonchli qadamdir!