Joriy yilning 6-oktabr kuni Jizzax viloyatidagi 14 ta tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotida “Metodik mahorat kuni” tadbirlariga start berildi.
Mazkur tashabbus doirasidagi ilk tadbirlardan biri Forish tumanidagi 7-sonli tayanch maktabgacha ta’lim tashkilotida yuqori saviyada tashkil etildi. Unda pedagoglarning kasbiy mahoratini boyitish, yangicha yondashuvlarni amaliyotga olib kirish va ilg‘or tajribalarni o‘zaro almashish uchun samarali metodik maydon yaratildi.
Tadbirning asosiy mazmuni “Ilk qadam” milliy o‘quv dasturining uchinchi nashri bilan bog‘liq yangiliklarga bag‘ishlandi. Ishtirokchilar dasturdagi o‘zgarishlar, zamonaviy pedagogik yondashuvlar hamda bolaga yo‘naltirilgan ta’limni tashkil etishning samarali usullari bilan nazariy va amaliy jihatdan tanishtirildi.
Mashg‘ulotlarda faqat ma’lumot berish bilan cheklanilmay, pedagog kundalik faoliyatida qo‘llashi mumkin bo‘lgan aniq metodik tavsiyalar, innovatsion usullar va amaliy yechimlarga alohida e’tibor qaratildi.
“Metodik mahorat kuni”ning bosh maqsadi — pedagogning kasbiy kompetensiyasini rivojlantirish, ilg‘or tajribani ommalashtirish va zamonaviy metodlarni ta’lim-tarbiya jarayoniga samarali olib kirishdir.
Zero, pedagog mahorati oshgan sari mashg‘ulot mazmuni boyiydi, ta’lim sifati yuksaladi, eng muhimi — har bir bola uchun qiziqarli, rivojlantiruvchi va zamonaviy ta’lim muhiti yaratiladi.