Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazining “Boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari” kafedrasi tashabbusi bilan kafedra oyligi doirasida mahoratli pedagoglar ishtirokida seminar-trening tashkil etildi.
Seminarda Jizzax shahridagi “Yuksalish” maktabining oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, “Xalq ta’limi a’lochisi”, “Xalq ta’limi fidoyisi” hamda “O‘zbekiston Respublikasi Mustaqilligining 35 yilligi” esdalik ko‘krak nishoni sohibasi Egamqulova Guljahon va Arnasoy tumani 8-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabining oliy toifali boshlang‘ich sinf o‘qituvchisi, “Xalq ta’limi a’lochisi” ko‘krak nishoni sohibasi Qo‘nisheva Nasiba o‘zlarining boy pedagogik tajribasi va ilg‘or amaliyoti bilan ishtirok etdilar.
Mahoratli ustozlar tomonidan ta’lim jarayonining muhim yo‘nalishlariga bag‘ishlangan treninglar tashkil etildi. Egamqulova Guljahon “Ta’limda kognitiv faollikni oshirish: motivatsiya va dars dizaynining neyropedagogik asoslari”, Qo‘nisheva Nasiba esa “Iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash” mavzularida o‘z tajriba va tavsiyalarini tinglovchilar bilan o‘rtoqlashdilar.
Mashg‘ulotlar davomida o‘quvchilar faolligini oshirish, motivatsiyani kuchaytirish, darslarni zamonaviy pedagogik yondashuvlar asosida loyihalash, shuningdek, iqtidorli o‘quvchilarni aniqlash va ularning qobiliyatini rivojlantirishga qaratilgan samarali usullar amaliy misollar asosida namoyish etildi.
Seminar-trening tinglovchilar uchun tajriba, mahorat va yangi pedagogik g‘oyalar uyg‘unlashgan mazmunli maydon bo‘ldi.
Ilg‘or tajriba ulashilganda, pedagogik mahorat yanada yuksaladi.