Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” doirasida mentorlarni tayyorlash bo‘yicha tashkil etilgan uch kunlik treninglar yakunlandi.

Mazkur treninglar davomida mentor-o‘qituvchilarning metodik salohiyatini oshirish, zamonaviy pedagogik yondashuvlarni amaliyotga samarali tatbiq etish, ta’lim jarayonida innovatsion metod va texnologiyalardan foydalanish ko‘nikmalarini yanada rivojlantirishga alohida e’tibor qaratildi.

Mashg‘ulotlarda SEL va UDL yondashuvlari, pedagogik refleksiya, dalilga asoslangan ta’lim, zamonaviy baholash tamoyillari, sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish, shuningdek, PISA va TIMSS talablarini fan mazmuniga integratsiya qilish kabi dolzarb yo‘nalishlar qamrab olindi.

Treninglar yakunida tantanali taqdirlash marosimi tashkil etildi. Unda Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazi rahbariyati hamda viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi vakillari ishtirok etdi.

Tadbir davomida 2025–2026-o‘quv yilida “Kasbiy rivojlanish kuni” va “Kasbiy rivojlanish soati” jarayonlarida faol ishtiroki, tashabbuskorligi, metodik mahorati, intellektual salohiyati hamda ilg‘or tajribalarni ommalashtirishdagi munosib hissasi bilan ajralib turgan mentor-o‘qituvchilar alohida e’tirof etildi.

Eng faol mentor-o‘qituvchilarga tashakkurnomalar va esdalik sovg‘alari topshirildi. Ushbu e’tirof mentorlarning kasbiy rivojlanish tizimidagi mas’uliyatli faoliyati, pedagoglar bilan olib borayotgan samarali metodik ishlari va ta’lim sifatini oshirish yo‘lidagi izchil mehnatiga berilgan munosib bahodir.

Kasbiy rivojlanish — bu uzluksiz izlanish, tajriba almashish va yangilanish jarayoni. Ana shu jarayonda faol, bilimli va tashabbuskor mentorlar ta’lim sifatini yuksaltirishning muhim tayanchiga aylanmoqda.