Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazida jamoa a’zolari ishtirokida huquqiy madaniyatni yuksaltirish, huquqbuzarliklarning oldini olish hamda huquqiy nigilizmning salbiy oqibatlari mavzusida davra suhbati tashkil etildi.

Bugungi globallashuv va axborot oqimi kuchaygan davrda har bir xodimning huquqiy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi, qonunchilikdagi yangiliklardan xabardorligi hamda o‘z faoliyatini huquqiy me’yorlar asosida tashkil etishi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Tadbir davomida qonun ustuvorligini ta’minlash, davlat xizmatchilarining huquqiy mas’uliyati, xizmat etikasi, ijro intizomini mustahkamlash va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashildi.

Shuningdek, huquqiy nigilizmning jamiyat rivojiga salbiy ta’siri, qonunlarga befarqlikning oqibatlari hamda fuqarolik mas’uliyatini kuchaytirishning ahamiyati misollar asosida tushuntirildi. Ishtirokchilar o‘zlarini qiziqtirgan savollar yuzasidan mutaxassislarning tavsiya va tushuntirishlarini oldilar.

Ta’kidlanganidek, huquqiy madaniyat yuksak bo‘lgan jamoada mas’uliyat, tartib-intizom va samaradorlik ham yuqori bo‘ladi. Shu bois markazda xodimlarning huquqiy savodxonligini oshirishga qaratilgan ma’rifiy tadbirlar izchil davom ettirilmoqda.