Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazida malaka oshirish kurslari tinglovchilari uchun huquqiy madaniyatni yuksaltirish va huquqbuzarliklarning oldini olishga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy uchrashuv tashkil etildi.

Muloqot davomida pedagoglarning huquq va majburiyatlari, ta’lim sohasidagi amaldagi normativ-huquqiy hujjatlar, pedagogik etika, raqamli makondagi huquqiy xavfsizlik hamda huquqiy nigilizmning salbiy oqibatlari yuzasidan muhim ma’lumotlar berildi. Ayniqsa, ijtimoiy tarmoqlardan foydalanish madaniyati, mualliflik huquqi, shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish va pedagogning jamiyat oldidagi huquqiy mas’uliyati kabi masalalarga alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv davomida huquqiy savodxonlikning ta’lim sifatini oshirishdagi o‘rni, yosh avlodda qonunga hurmat va fuqarolik mas’uliyatini shakllantirishdagi ahamiyati keng muhokama qilindi. Tinglovchilar o‘z amaliy faoliyatlarida uchrayotgan ayrim huquqiy masalalar yuzasidan fikr almashib, mutaxassislarning tavsiyalarini oldilar.

Zero, bugungi pedagog nafaqat o‘z fanining bilimdoni, balki yuksak huquqiy madaniyat sohibi ham bo‘lishi zarur. Huquqiy tafakkuri rivojlangan pedagog esa o‘quvchilarni qonunga hurmat, adolat va mas’uliyat ruhida tarbiyalash orqali jamiyat taraqqiyotiga munosib hissa qo‘shadi. Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazida bu boradagi targ‘ibot va ma’rifiy ishlar tizimli ravishda davom ettirilmoqda.