Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazi “Pedagogika va psixologiya, ta’lim texnologiyalari” kafedrasi tashabbusi bilan tashkil etilgan ilmiy-amaliy seminar “Oligofrenopedagogika” yo‘nalishi qayta tayyorlov kurslari tinglovchilari uchun tajriba va amaliyot maydoniga aylandi.
Chirchiq davlat pedagogika universiteti “Maxsus pedagogika” kafedrasi dotsenti, pedagogika fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD) Zulayxo Husnuddinova tomonidan o‘quvchilarning ijtimoiy ko‘nikmalarini rivojlantirishga qaratilgan usullar va adaptiv vositalardan foydalanish metodikasi yuzasidan master-klass tashkil etildi.
Amaliy mashg‘ulotlarda tinglovchilar maxsus ta’lim ehtiyojiga ega o‘quvchilar bilan ishlashda samarali metodlar, adaptiv vositalar va zamonaviy pedagogik yondashuvlar bilan yaqindan tanishdilar.
Shuningdek, Chirchiq davlat pedagogika universiteti “Maxsus pedagogika” kafedrasi dotsenti Shoira Abdujalilova tomonidan “Inklyuziv ta’lim va jamiyat taraqqiyotida pedagogning roli” mavzusida seminar-trening o‘tkazildi.
Unda pedagogning vazifasi faqat bilim berish bilan cheklanmasligi, balki har bir bolaning jamiyatga moslashuvi, ijtimoiy faolligi va o‘z imkoniyatlarini ro‘yobga chiqarishida muhim ko‘makchi bo‘lishi alohida ta’kidlandi.