Bugundan Jizzax viloyatining barcha tumanlarida Kasbiy rivojlanish kunlari va Kasbiy rivojlanish soati doirasidagi o‘quvlar boshlandi.

Yangi o‘quv yilida mazkur jarayonlar viloyatning 13 ta tumanidagi 22 ta tayanch maktabda tashkil etilib, ularga 222 nafar mentor jalb etildi. Mentorlar pedagoglar bilan bevosita ishlaydi, fan va metodik yo‘nalishlarda amaliy ko‘mak beradi, tajriba almashadi va dars jarayonida samarali natija berayotgan yondashuvlarni birgalikda tahlil qiladi.

O‘quvlar hafta davomida fan yo‘nalishlari bo‘yicha izchil tashkil etiladi. Dushanba — ijtimoiy fanlar, seshanba — filologiya fanlari, chorshanba — tabiiy fanlar, payshanba — aniq fanlar, juma — xorijiy tillar, shanba esa amaliy fanlar yo‘nalishiga ajratilgan.

Mashg‘ulotlarning asosiy mazmuni nazariya bilan cheklanmaydi. Pedagoglar zamonaviy metodlarni ko‘rib chiqadi, darslarni tahlil qiladi, o‘z tajribasini boshqalar bilan baham ko‘radi va amaliyotda qo‘llash mumkin bo‘lgan yangi yechimlar ustida ishlaydi.

Bu jarayonning asosiy maqsadi ham aniq — pedagogning kasbiy mahoratini oshirish, dars sifatini yaxshilash va ilg‘or tajribani maktab amaliyotiga olib kirish.

Bugundan boshlangan ushbu o‘quvlar viloyat pedagoglari uchun muntazam tajriba almashish, yangiliklarni o‘rganish va o‘z ustida ishlashning yana bir muhim maydoniga aylanadi.