Bolaning o’z tili bor. U so’z bilan emas — o’yin bilan gapiradi.
Qo’g’irchoq bilan sirlashar ekan — muloqotni o’rganadi.
Kubchalardan minora qurar ekan — tafakkuri tiklanadi.
Tengdoshi bilan navbat talashar ekan — hayotning eng og’ir darsini:
birga yashashni o’zlashtiradi.

Bola uchun o’yin — ermak emas. Bu uning mehnati, kashfiyoti va katta hayotga tayyorgarligi. Shu bois Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazida maktabgacha ta’lim tashkilotlari pedagoglari uchun «O’yinga asoslangan ta’lim metodikasi asosida ta’lim-tarbiya jarayonini tashkil etish» mavzusida seminar-trening bo’lib o’tdi.

Ishtirokchilar seminar-trening davomida:

O’yinga asoslangan ta’limning zamonaviy yondashuvlari;
Bola rivojlanishida o’yinning pedagogik ahamiyati;
Innovatsion o’yin metodlarini amaliyotga tatbiq etish;
Interfaol mashg’ulotlar orqali kasbiy kompetensiyani mustahkamlash imkoniga ega bo’ldilar.

Eng qizig’i — zalda tarbiyachilarning o’zlari o’yinga sho’ng’idi. Kulgu, harakat, izlanish… Chunki bolaga o’yin orqali ta’lim berishni faqat o’zi o’ynay oladigan, o’ynashdan uyalmaydigan pedagog uddalaydi.