Ayni paytda Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazida “Yil o‘qituvchisi – 2026” kasbiy ko‘rik-tanlovining III bosqichi bo‘lib o‘tmoqda.
28–30-iyul kunlariga mo‘ljallangan ushbu nufuzli tanlovda mamlakatimizning 208 ta tuman va shahridan saralangan 416 nafar eng munosib pedagog o‘z bilimi, kasbiy mahorati va ilg‘or tajribasini namoyon etmoqda.
Bu maydonda shunchaki dars beruvchilar emas, balki o‘quvchi qalbiga yo‘l topgan, ta’limga yangilik olib kirgan va kelajak avlod taqdiriga daxldorlikni his etgan fidoyi ustozlar bellashmoqda. Har bir taqdimot ortida yillar davomida to‘plangan tajriba, tinimsiz izlanish va yuksak mas’uliyat mujassam.
Jizzax viloyati sharafini himoya qilayotgan 26 nafar pedagog ham o‘z chiqishlari orqali nafaqat shaxsiy salohiyatini, balki viloyat ta’lim tizimining zamonaviy yondashuvlari va yuksak imkoniyatlarini namoyish etmoqda.
Tanlov yakuniga ko‘ra, Jizzax viloyatidan 13 nafar, respublika bo‘yicha esa 208 nafar pedagog g‘oliblik shohsupasiga ko‘tariladi. Har bir g‘olib bazaviy hisoblash miqdorining 1 400 baravari miqdoridagi pul mukofoti bilan taqdirlanadi.
Bu — ustoz mehnati, kasbiy mahorati va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shayotgan munosib hissasiga berilgan yuksak e’tirofdir.
Jizzaxlik pedagoglarga mustahkam ishonch, ilhom va munosib g‘alaba tilaymiz!