Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazida malaka oshirayotgan O‘IBDO‘ (o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari) kursi tinglovchilari uchun qatag‘on qurbonlari xotirasiga bag‘ishlangan ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari kafedrasi tashabbusi bilan “Ta’lim-tarbiya jarayonlarida qatag‘on qurbonlari hayotiga nazar” mavzusida tashkil etilgan tadbir doirasida tinglovchilar Jizzax shahridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrif buyurdilar.
Ekskursiya davomida tinglovchilar qatag‘on yillarida nohaq jazolangan, ammo ilm-fan, adabiyot va jamiyat taraqqiyoti uchun ulkan hissa qo‘shgan ziyolilarning hayoti va faoliyati bilan yaqindan tanishdilar. Tarixiy hujjatlar, arxiv materiallari va muzey ekspozitsiyalari orqali o‘sha davrning murakkab va og‘ir sinovlari haqida batafsil ma’lumotlarga ega bo‘ldilar.
Mazkur tashrif tarixiy xotirani asrash, qatag‘on qurbonlari nomini e’zozlash hamda ta’lim jarayonida yosh avlodni vatanparvarlik, tarixiy xotira va ma’naviy qadriyatlarga hurmat ruhida tarbiyalashda muhim ahamiyat kasb etdi.