Tarix — bu faqat oʻtmish sahifalari emas, balki bugunimizni anglash va kelajagimizni asrashga chorlovchi buyuk saboqdir.
Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedrasi tashabbusi bilan 2026-yil 6-fevral kuni fevral oyida malaka oshirayotgan Tarix va Tarbiya kursi tinglovchilari uchun Jizzax shahridagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” muzeyiga ma’naviy-ma’rifiy ekskursiya tashkil etildi.
Mazkur tashrif Vazirlar Mahkamasining 2025-yil 4-noyabrdagi 691-son qarorida belgilangan vazifalar ijrosi doirasida oʻtkazilib, qatagʻon qurbonlari hayoti, ularning Vatan ozodligi yoʻlidagi fidoyiligi va matonatini chuqur anglashga xizmat qildi.
Ekskursiya davomida tinglovchilar muzeydagi noyob eksponatlar, tarixiy hujjatlar hamda fotosuratlar bilan yaqindan tanishib, qatagʻon davrining ogʻir sinovlari va xalqimiz boshidan kechirgan mashaqqatli yoʻl haqida batafsil ma’lumotlarga ega boʻldilar.
Ushbu tashrif pedagoglarning tarixiy xotirani yosh avlod qalbiga yetkazish borasidagi mas’uliyatini yanada kuchaytirib, dars jarayonida muzey manbalaridan samarali foydalanish boʻyicha yangi gʻoyalar va amaliy rejalar shakllanishiga turtki berdi.
Xotirani e’zozlash — bu kechani eslash emas, balki ertangi kunni asrashdir.