
Tarix — muzey javonlarida qolib ketgan buyumlar emas. U — ajdodlarimizning nafasi, hayoti, mehnati va bizgacha yetib kelgan bebaho xotiradir.
Jizzax viloyati Pedagogik mahorat markazining “Boshlang‘ich va maxsus ta’lim metodikalari” kafedrasi professor-o‘qituvchilari hamda boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishidagi A, B, C, D guruhlari tinglovchilari tomonidan “Tarixga nazar” mavzusida o‘ziga xos ko‘rgazma tashkil etildi.
Ko‘rgazmada Firdavsiyning “Shohnoma” asari, jamalak, paranji, obdasta, urchuq, so‘zana, ko‘za, qumg‘on, lag‘an, xumcha, qadimiy sopol idishlar, qilich, hanjar, taqinchoqlar hamda hunarmandchilik buyumlari namoyish etildi.
Har bir eksponat go‘yo o‘tmishdan so‘zladi. Tinglovchilar esa ularning tarixi va ahamiyatini mehmonlarga hikoya qilib, ajdodlarimizdan meros bo‘lib kelayotgan qadriyatlarni yana bir bor yodga soldilar.
Qadimiy qo‘shiqlar yangragan lahzalarda esa kecha va bugun, ajdodlar va avlodlar bir nuqtada tutashgandek bo‘ldi.
Tarixni bilish — o‘zligingni anglash.
Merosni asrash — kelajakni asrash.