2026-yil 4-iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2025-yil 30-yanvardagi PF–16-son Farmoni 1-ilovasi 5-bandida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida “Metodik marafon” tadbiri yuqori saviyada tashkil etildi.

Mazkur marafon ta’lim jarayoni ishtirokchilarini psixologik qoʻllab-quvvatlash, innovatsion pedagogik yondashuvlarni amaliyotga keng joriy etish hamda metodik xizmat samaradorligini oshirishga qaratilgani bilan ahamiyat kasb etdi.

Tadbir davomida Ta’limni rivojlantirish respublika ilmiy-metodik markazi mutaxassislari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi va Xorazm viloyatidan tashrif buyurgan professor-oʻqituvchilar hamda tajribali metodistlar tomonidan seminar-treninglar, tajriba almashuv uchrashuvlari va amaliy mashgʻulotlar oʻtkazildi.

Respublika miqyosida tashkil etilgan ushbu metodik marafonda Jizzax viloyati umumta’lim muassasalarida matematika, tabiiy-ilmiy savodxonlik, oʻqish savodxonligi hamda boshlangʻich ta’lim yoʻnalishlarida faoliyat yuritayotgan 1922 nafar pedagog faol ishtirok etdi.

“Metodik marafon” — bu nafaqat tajriba almashinuvi, balki zamonaviy ta’lim sifatini yangi bosqichga olib chiqishga xizmat qiluvchi innovatsion maydon sifatida katta taassurot qoldi.