Jurnalistlar uyushmasi Jizzax viloyati bo‘limi tashabbusi bilan 27-iyun — Matbuot va OAV xodimlari kuni munosabati bilan viloyat jurnalistlari hamda ommaviy axborot vositalari jamoalari o‘rtasida an’anaviy “Zakovat” intellektual o‘yini tashkil etildi.
Quvonarlisi, mazkur nufuzli bahsda Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazining “Iqtidor va intellekt” elektron ilmiy jurnali jamoasi ilk bor ishtirok etdi. Ilk ishtirokning o‘ziyoq katta muvaffaqiyatga aylanib, 8 ta kuchli jamoa orasida g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Bu natija nafaqat bilim va tafakkur, balki jamoaviy hamjihatlik, tezkor fikrlash va yuksak intellektual salohiyatning ham yorqin ifodasi bo‘ldi. “Iqtidor va intellekt” jamoasining ushbu muvaffaqiyati viloyatimizdagi ilmiy-ma’rifiy va media sohasi vakillari uchun ham ilhom va motivatsiya manbai bo‘lib xizmat qiladi.
G‘alaba muborak! Tafakkur va intellekt maydonidagi zafarlar bardavom bo‘lsin!