Bugun viloyatimizning barcha hududlaridagi umumta’lim maktablari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktab-internatlarida yangi o‘quv yilining ilk kuniga bag‘ishlangan “Bilimlar kuni” tadbirlari ko‘tarinki ruhda o‘tkazildi.
Ayniqsa, maktab ostonasiga ilk bor qadam qo‘yayotgan bolajonlarning hayajoni, ustozlarning ezgu niyatlari va ota-onalarning quvonchi bu kunga alohida fayz bag‘ishladi.
Baxmal tumanidagi 71-sonli umumta’lim maktabida o‘tkazilgan tadbirda Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi direktori Ijod Axmedov ishtirok etdi.
U maktab jamoasi va o‘quvchilarini, ayniqsa, 1-sinfga qabul qilingan o‘quvchilarni yangi o‘quv yili bilan samimiy tabrikladi. Ilk qadamlar doimo inson xotirasida o‘chmas iz qoldirishini ta’kidlab, yosh avlodga mustahkam bilim, yuksak maqsad va katta orzular sari dadil intilish tiladi.
Shuningdek u tadbir doirasida “Kelajak soati” darslarida ham ishtirok etib, o‘quvchilar bilan muloqot qildi.
Zero, maktab — shunchaki bilim beriladigan maskan emas. Bu yerda kelajak egalari tarbiyalanadi, orzular shakllanadi, yurt taqdiriga daxldor avlod kamol topadi.