Qadri bilinadi endi menga goh,
Olis maktabimning o’sha behasham…
Navoiy-ku bizga ustozdir, biroq
Kimdir o’qitgan-ku Navoiyni ham.
Shunday buyuk zotga harf o’rgatgan kim?…
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.

Tuproqdek xokisor, bezovta jonlar,
Ammo qanoatda tog’dek ulug’vor,
Hatto Temurdayin Sohibqironlar
Pirim deb, etagin o’pgan zotlar bor.
Qaysar Jahongirga yo’l ko’rsatgan kim?..
Oddiy muallim-da, oddiy muallim.