Aziz bitiruvchilar, qadrli ustozlar va muhtaram ota-onalar!
Bugun maktab hayotidagi eng hayajonli, unutilmas va ta’sirli kunlardan biri — “So‘nggi qo‘ng‘iroq” jarangi yangramoqda. Bu nafaqat bir o‘quv yilining, balki bolalikning eng go‘zal sahifalari yakunlanib, katta hayot sari yangi qadam tashlanayotgan muhim va tarixiy palladir.
Aziz bitiruvchilar! Sizlar bugun orzu va maqsadlar sari dadil yo‘l olayotgan Yangi O‘zbekistonning bilimli, intiluvchan va vatanparvar yoshlarisiz. Maktabda olgan bilimlaringiz, ustozlar bergan saboqlar va ota-onangizning duolari sizni hayotning har qanday sinovida yuksak marralar sari yetaklashiga ishonaman. Kelajak sizniki — uni bilim, jasorat va ezgu amallar bilan bunyod eting.
Muhtaram ustozlar! Sizlarning mashaqqatli mehnatingiz, sabr-toqatingiz va fidoyiligingiz tufayli minglab yoshlar kamol topmoqda. Har bir muvaffaqiyat ortida ustozning qalbi, zahmati va ulkan ishonchi mujassam. Sizlarga cheksiz minnatdorlik bildiraman.
Qadrli ota-onalar! Farzand kamolini ko‘rish — eng katta baxt. Ularning bugungi yutug‘ida sizlarning mehringiz, tarbiyangiz va qo‘llab-quvvatlovingiz beqiyos o‘rin tutadi.
Barchangizni “So‘nggi qo‘ng‘iroq” bayrami bilan chin qalbdan muborakbod etaman! Yurtimiz farzandlari doimo ilmli, ma’naviyatli va baxtli bo‘lsin!
Hurmat bilan,
Axmedov Ijod Narziqulovich
Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi direktori,
falsafa fanlari bo‘yicha falsafa doktori (PhD)