“Uzluksiz metodik xizmatni takomillashtirish: innovatsion metodlar va ilg‘or tajribalar integratsiyasi” shiori ostida Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi hamda Jizzax viloyati maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamkorligida viloyatdagi musiqa madaniyati va boshlang‘ich ta’lim yo‘nalishi o‘qituvchilari, boshlang‘ich ta’lim va amaliy fanlar metodbirlashma rahbarlari uchun onlayn va offlayn shaklda vebinar tashkil etildi.
Vebinar davomida O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligining 89-sonli buyrug‘i ijrosini ta’minlash doirasida uzluksiz metodik xizmatning yangi me’yor va talablari, ilg‘or pedagogik tajribalarni amaliyotga joriy etish mexanizmlari, PISA, PIRLS, TIMSS xalqaro baholash dasturlarini ta’lim jarayoniga integratsiya qilish, shuningdek matn bilan ishlash orqali o‘quvchilarda XXI asr ko‘nikmalarini rivojlantirish masalalari bo‘yicha muhim tavsiyalar berildi.
Tadbirda Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi direktor o‘rinbosari A. Ruziyev ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda metodik xizmatning ustuvor vazifalari yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirdi.
Shuningdek,markazning boshlang‘ich ta’lim metodisti N. Mirzabekova hamda musiqa madaniyati metodisti N. Xasanova tomonidan Forish tumanidagi 1-sonli umumiy o’rta ta’lim maktabida ta’lim sifati nisbatan past bo‘lgan 4, 8, 10, 17, 23, 28, 40, 44, 49, 51, 62 va 74- sonli umumiy o’rta ta’lim maktablari o‘qituvchilari ishtirokida amaliy mashg‘ulotlar tashkil etildi.
Uzluksiz metodik xizmat — ta’lim sifatini oshirishga xizmat qiluvchi muhim omil.