
Bugun zamonaviy ta’limga shunchaki yangi metod emas, uni amaliyotda samarali qo‘llay oladigan, izlanishdan to‘xtamaydigan pedagog kerak.
Sharof Rashidov tumanidagi 11-sonli umumiy o‘rta ta’lim maktabida ingliz tili fani bo‘yicha o‘tkazilgan Kasbiy rivojlanish kuni (KRK) aynan shu maqsad yo‘lida ustozlarni birlashtirdi.
Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi Metodik xizmat ko‘rsatish bo‘limi xodimlari tomonidan mashg‘ulotlar jarayoni o‘rganilib, pedagoglar bilan bevosita muloqot qilindi.
Bu gal e’tibor faqat kuzatuvga emas, amaliy yechimlarga qaratildi. Dars samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan metodlar muhokama etildi, yangi pedagogik g‘oyalar ilgari surildi, o‘zaro tajriba almashilib, zarur metodik tavsiyalar berildi.
Muhimi, jarayon bir tomonlama nazorat emas, ustozlar o‘zaro o‘rganadigan, fikrlar to‘qnashadigan va yangi tashabbuslar tug‘iladigan kasbiy muloqot maydoniga aylandi.