Tarixda shunday sahifalar borki, ularni unutishga haqqimiz yo‘q. Chunki bu sahifalarda millatning iztiroblari, ma’rifat yo‘lida kurashgan fidoyi insonlarning taqdiri va kelajak avlodlar uchun ibrat bo‘ladigan hayotiy haqiqatlar mujassam.
Joriy yilning 8-oktabr kuni Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazining Pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari kafedrasi tashabbusi bilan “Ta’lim-tarbiya jarayonlarida qatag‘on qurbonlari hayotiga nazar” mavzusida ma’naviy-ma’rifiy tadbir tashkil etildi.
Tadbir doirasida markazda malaka oshirayotgan o‘quv ishlari hamda ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarlari Jizzax shahridagi “Qatag‘on qurbonlari xotirasi” muzeyiga tashrif buyurdilar.
Muzey ekspozitsiyalarida aks etgan tarixiy hujjatlar, arxiv materiallari va qatag‘on qurbonlarining hayotiga oid ma’lumotlar tinglovchilarni xalqimiz tarixining eng murakkab davrlaridan biri bilan yaqindan tanishtirdi. Bir vaqtlar millat ravnaqi, ilm-fan va ma’rifat taraqqiyoti uchun xizmat qilgan, biroq nohaq ta’qib va zulm qurboniga aylangan ziyolilarning hayot yo‘li bugungi avlod uchun muhim tarixiy saboq ekanligi yana bir bor namoyon bo‘ldi.
Tashrifning eng muhim jihati — o‘tmish haqidagi bilimlarni bugungi ta’lim-tarbiya jarayoni bilan bog‘lash, tarixiy haqiqatlarni yosh avlod ongiga yetkazishda pedagoglarning mas’uliyatini yanada oshirish bo‘ldi.
