So‘nggi kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda pedagog xodimlarning malaka oshirish tartibi bekor qilingani yoki amaldagi malaka oshirish kurslari to‘xtatilishi haqida turli xabarlar tarqalmoqda.
Mazkur xabarlar yuzasidan quyidagilarni ma’lum qilamiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2026-yil 30-sentyabr kuni pedagoglarning kasbiy rivojlanishini yangi mexanizmlar asosida tashkil etish, jumladan, vaucherlar orqali mustaqil malaka oshirish imkoniyatlarini kengaytirish tashabbusi ilgari surildi.
Shu bilan birga, ushbu yangi mexanizmning amaliyotga joriy etilishi, uning tartibi, mexanizmlari hamda kuchga kirish muddati tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilinganidan so‘ng rasman belgilanadi.
Hozirgi kunda esa amaldagi tartib o‘z kuchida qolmoqda.
Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-iyundagi PQ-231-son qarori hamda Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 20-dekabrdagi 867-son qarori asosida pedagog xodimlarning uzluksiz kasbiy rivojlanishi va malaka oshirishi belgilangan tartibda amalga oshirilmoqda. Amaldagi nizomga ko‘ra, pedagog va mutaxassis xodimlar uchun malaka oshirish kurslari kamida 100 soat hajmda tashkil etiladi.
Shuningdek, 2026-yil uchun tasdiqlangan reja-grafik asosida tashkil etilgan malaka oshirish kurslari amaldagi tartib bo‘yicha davom ettirilmoqda. Mazkur jarayonni to‘xtatish yoki bekor qilish haqida amaldagi normativ-huquqiy hujjat mavjud emas.
Shu munosabat bilan pedagog xodimlardan ijtimoiy tarmoqlarda tarqalayotgan tasdiqlanmagan ma’lumotlarga asoslanmaslikni, malaka oshirish va uzluksiz kasbiy rivojlanish masalalariga oid rasmiy ma’lumotlarni faqat vakolatli davlat tashkilotlarining rasmiy manbalaridan olishni so‘raymiz.
Yangi tizimni joriy etish bo‘yicha tegishli normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilingach, uning mazmuni, amalga oshirish mexanizmlari va amaliyotga tatbiq etilish muddatlari haqida qo‘shimcha ravishda rasmiy axborot beriladi.