
HAMKORLIK — TA’LIM SIFATI VA YANGI IMKONIYATLAR SARI MUHIM QADAM
Ta’lim taraqqiyoti tajriba almashinuvi, hamkorlik va birgalikdagi izlanishlar orqali yanada mustahkamlanadi. Shu maqsadda Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi hamda Samarqand viloyati pedagogik mahorat markazi o‘rtasidagi ilmiy-metodik hamkorlik yangi bosqichga ko‘tarildi.
Markazimiz professor-o‘qituvchilari va bo‘lim xodimlarining Samarqand viloyati pedagogik mahorat markaziga tashrifi doirasida ikki hududning Aniq va tabiiy fanlarni o‘qitish metodikasi kafedralari vakillari ishtirokida mazmunli uchrashuv tashkil etildi.
Uchrashuvda zamonaviy metodik yondashuvlar, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish, ta’lim jarayoniga samarali innovatsiyalarni tatbiq etish hamda metodik xizmat sifatini oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Eng muhim jihatlardan biri — ikki markaz kafedralari o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni tizimli yo‘lga qo‘yishga qaratilgan hamkorlik shartnomalarining imzolanishi bo‘ldi.
Ishonamizki, bunday hamkorlik nafaqat ikki markaz faoliyatini yaqinlashtiradi, balki hududlar o‘rtasida ilg‘or tajribalar almashinuvi, pedagoglarning kasbiy rivoji va eng muhimi, ta’lim sifatini yuksaltirishga xizmat qiladi.