Jizzax viloyati pedagoglaridan iborat delegatsiya Xitoy Xalq Respublikasining qadimiy Sian shahrida malaka oshirish dasturida ishtirok etmoqda. Delegatsiya tarkibidan Jizzax viloyat pedagogik mahorat markazi vakillari ham o’rin oldi. Mashg’ulotlar zamonaviy ta’lim markazlaridan biri — Shaanxi energetika institutida tashkil etilgan.
Dastur bejiz «Sun’iy intellekt texnologiyalarining umumiy ko’rinishi va sohadagi imkoniyatlari, STEAM ta’limi» mavzusidan boshlanmadi — bugun jahon maktablari aynan shu yo’nalishda rivojlanmoqda. Amaliy mashg’ulotlar tajriba almashinuvi, innovatsion metodikalarni o’rganish va o’qituvchilar malakasini oshirishga qaratilgan.
Oldinda delegatsiya a’zolarini zamonaviy o’qitish texnologiyalari, raqamli pedagogika va xalqaro baholash standartlari bo’yicha amaliy treninglar kutmoqda. Bu tashrifning asl samarasi esa qaytib kelgach — viloyat ta’lim sohasini yangilashda o’z ifodasini topadi.