Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazida “Yoshlar va iqlim ta’limi” loyihasi doirasida hududiy master-trenerlarni tayyorlash seminar-treningi boshlandi. Loyiha BMT Taraqqiyot Dasturi (BMTTD), Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Qatarning “Education Above All” jamg‘armasi hamda “Zamin” xalqaro jamoat fondi hamkorligida tashkil etilmoqda.

Uch kunlik trening davomida ishtirokchilar iqlim ta’limini o‘quv jarayonlariga integratsiya qilish, “Iqlim qutichasi” resurslari va dizayn-fikrlash asosidagi innovatsion metodlar bilan tanishmoqda.

Loyiha kaskadli ta’lim modeli asosida amalga oshirilib, respublika bo‘yicha 10 199 ta maktabdagi 50 ming nafar o‘qituvchini qamrab olishni maqsad qilgan. Bu orqali yoshlarda ekologik tafakkur va yashil ko‘nikmalarni shakllantirish ko‘zda tutilgan.

Seminar yakunida tayyorlangan master-trenerlar hududlarda o‘z hamkasblariga bilim va tajribalarini yetkazadi. Mazkur tashabbus O‘zbekistonning barqaror rivojlanish va iqlim ta’limi yo‘nalishidagi ustuvor maqsadlariga xizmat qiladi.