Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi Pedagogika, psixologiya va ta’lim texnologiyalari kafedrasi hamda markaz tinglovchilari tashabbusi bilan sohibqiron Amir Temur tavalludining 690 yilligi munosabati bilan ma’naviy-ma’rifiy tadbir ko‘tarinki ruhda tashkil etildi.
Unda markazning Ijtimoiy-iqtisodiy fanlar kafedrasi professor-o‘qituvchilari tomonidan Amir Temurning hayoti, davlat boshqaruvidagi yuksak salohiyati, adolat tamoyillari va strategik tafakkuri haqida mazmunli hamda qiziqarli ma’lumotlar taqdim etildi.
Tadbirning badiiy qismi ham alohida ruh bag‘ishladi — yangragan kuy-qo‘shiqlar, ijodiy chiqishlar va dilbar kayfiyat ishtirokchilarga unutilmas taassurotlar ulashdi. Bu lahzalar Sohibqiron siymosini nafaqat tarixda, balki qalblarda ham yana bir bor jonlantirdi.
Tadbir davomida tarix va bugun o‘rtasidagi uzviy bog‘liqlik ochib berilib, ajdodlar merosining bugungi avlod uchun ahamiyati alohida ta’kidlandi. Ishtirokchilar qalbida faxr, mas’uliyat va ilhom tuyg‘ulari uyg‘ondi.