Joriy yilning 14-mart kuni IIV Jizzax mintaqaviy o‘quv markazi hamda Jizzax viloyati pedagogik mahorat markazi o‘rtasida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik memorandumi imzolandi. Mazkur kelishuv ikki muassasa o‘rtasida ta’lim, ilmiy-uslubiy faoliyat va innovatsion yondashuvlarni rivojlantirishda yangi bosqichni boshlab berdi.
Tashrif davomida Pedagogik mahorat markazi vakillari o‘quv markazida yaratilgan zamonaviy shart-sharoitlar, ta’lim jarayonining tashkil etilishi hamda o‘quv mashg‘ulotlari bilan yaqindan tanishdilar. Xususan, o‘quv markazining Huquqiy fanlar sikli boshlig‘i, podpolkovnik Farrux Anorboyev tomonidan olib borilgan dars mashg‘ulotida ishtirok etilib, ta’lim jarayoni amaliy jihatdan kuzatildi.
Shuningdek, Pedagogik mahorat markazi metodisti J. Ibragimov tomonidan o‘quv mashg‘ulotlarining tashkil etilishi, metodik yondashuvlari va samaradorligi o‘rganilib, jarayon yuzasidan tahliliy fikrlar bildirildi.
Tadbir davomida Pedagogik mahorat markazi rahbari I. Axmedov tomonidan ta’lim sifatini yanada oshirish, o‘quv-uslubiy ishlarni takomillashtirish, ilmiy-tadqiqot hamda innovatsion faoliyatni rivojlantirishga qaratilgan mazmunli o‘quv mashg‘ulotlari tashkil etildi.
Ko‘tarinki ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida ta’kidlanganidek, ikki markaz o‘rtasida imzolangan ushbu hamkorlik memorandumi ta’lim sifatini yuksaltirish, ilg‘or pedagogik tajribalarni ommalashtirish va zamonaviy dars metodikasini yanada kuchaytirishda muhim poydevor bo‘lib xizmat qiladi.
Hamkorlik — yangi imkoniyatlar, yangi yutuqlar demak!